* * * Unutilgan kishi kuyadi, unutgan kishi esa kuydiradi. Bu ishq bobida o'lchanadigan bo'lsa, ikki oshiqning qaysi birinidir ko'nglidagi muhabbat daryosining sayozligidan darak. * * * Yo'qotilgan imkoniyat hamisha qimmat bo'ladi. * * * Oshiqlar, oyga odamzot qadami tegdi. Endi yorlaringiz jamolini unga o'xshatmang. * * * Hayotdan arozlagan bir qiz tunda ko'rpaning ichiga yashirinibdi, go'yo ko'rpani ichida hayot yo'qday. * * * Olov o'zi yonmay turib o'zgani yondira olmaydi. xxx O'zining qalbiga sig'magan iste'dod egalari boshqalar qalbidan joy oladilar. * * * Kelajakning baxtli kunlariga oqsoq odam emas, nodon odam bilan etib bo'lmaydi. * * * Baloni qaytarish uchun eshikka qo'yilgan tamba baxtni ham qaytarib yuborishi mumkin. * * * Hayotda o'z yo'lini topa olmagan odam boshqa bir insonning yo'lidan yurib, unga taqlid qilib yashaydi. San'at va adabiyotda ham shunday. * * * Ko'nglini aziz bilganlar birovga ko'ngil berib seva olmaydilar. * * * Xasis so'zini xas va is so'zlari birgalikda tuzgan bo'lsa kerak. * * * Eshakka so'zlashishni o'rgatsang ham u baribir so'zlashishdan hangrashni afzal biladi. Chunki u uchun hangrash ohangi ajdodlaridan me'ros. * * * Usta yasagan xochga uning o'zini osishlari mumkin. Ammo hech qachon usta yasagan taxtga uning o'zini o'tqazishmaydi. * * * Aql bevafo. Agar u insonga vafoli bo'lganida ayrim kimsalar aqlsiz, ya'ni, ahmoq bo'lib qolmas edilar. * * * Qorni bag'ri oppoq bo'lgani bilan uning xususiyati qora. Go'yoki husni beg'ubor, go'zal, ammo yomon niyatli ayrim odamlar kabi. * * * Ayrimlar uchun qo'rquv ham qurol. * * * Inson ko'ngli ham bir mamlakat. Agar amal otiga minsang, atrofingdagi laganbardorlar mamlakat chegarasining zaif tomonini izlagani kabi zaif tomoningni izlab, ko'nglingga kirish yo'llarini izlaydi. * * * Tanqid - kelajakning mevasi. Taqlid esa - ana shu mevaga tushgan qurt. * * * Tunda bir qiz hayotdan arazlab ko'rpaning ichiga yashirinibdi. Go'yoki ko'rpaning ichida hayot yo'qday. * * * Vatanni sevgan kishi undan faqat vafo, sadoqat, mehr otlig' javob oladi. Oshiqlar Vatandan ibrat olsalar g'ussa ko'lmagiga botmas edi. * * * Insoniyat vaqt hukmi bilan o'tmishdan qochadi, ammo kelajakka tomon yurakda umid mash'alasini yoqib intiladi. Shu bois dunyoni umid boshqaradi. * * * Inson o'zining ayrim harakatlari bilan o'zi bilmagan holda yo go'zal, yo xunuk ko'rinishi yoki harakterini namoyish qilib qo'yadi. xxx Kuz - oltin tangalarga boy fasl. U armonda qolgan oshiqlarning orzularini sotish evaziga erishgan bu tangalarga. * * * Kuz. Boqqa tuman cho'kkan. Bu ham kamday shivirlab yomg'ir yog'yapti. Go'yo tuman va yomg'ir kuz ko'rinishini, xazonlarning armonli xotiralarni uyg'otguvchi saslarini parda ortiga yashirayotganday. * * * Yigit qizga «Sizga ko'ngil berdim» dedi. Qiz ishondi. Sanoqli kunlardan so'ng yigit qizni unutdi. Hayratga hojat yo'q, asli ko'ngil yo'q odamda vafo nima qiladi?! * * * Muhabbat gulxan. Nafrat esa ana shu gulxan o'rnida qolgan kul. Muhabbat gulxanini ko'p hollarda bevafolik shamoli o'chirib qo'yadi. * * * Men - tunman, Sen esa samo bag'ridagi to'lin oysan, atrofdagi yulduzlar esa sening shirin xayollaring. Endi bir o'ylab, tasavvur qilib ko'r, seningsiz mening bag'rim qanday zulmatda qoladi?!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев