Baxtli bo'ladi!
Kelinlar ko'ylagi
Ruhimday oppoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq!
Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas,
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O'liklar uyg'oq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq!
Ko'ksim kuyib borar,
Ko'krak yonmoqda,
Ayting do'xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o'z ulfati –
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq!
Buni hayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so'lasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O'zing bo'lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira – bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq!
Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G'am kelsa boshingdan
Xushing uchmasin.
Xudodan so'radim:
Mendan keyin hech,
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo'lida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq!
Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko'ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq!
Jon so'ngi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo'lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o'pib, O'shni
Quchoqlab o'lsam!..
O'tinchim – tepamda
Yig'lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев