Barcha Georgiy lentasi bogʻlangan guldastalarni suratini joʻnatayapti. Toʻgʻri tushuninglar men bu kunni bayram emas, balki motam kuni deb bilaman. Ammo...
Ayrimlar taʼna qilayotgandek, bu yerda hech kim tarixni oʻzgartirishga harakat qilayotgani yoʻq.
Ming afsuski, biz uchun muqaddas boʻlgan tuprogʻimiz mustamlakaga aylandi, yurtimiz sovetlar deb atalgan mustabid tuzum tomonidan boshqarildi.
Ammo mustamlakachilarni hali ham xaloskor deb biladiganlarga, agar Sovet Ittifoqi boʻlmaganida, Oʻzbekiston bugungi kunlarga yetib kelolmasdi deydiganlarga qarshiman!
Millatimizga bunchalik past nazar bilan qaraydiganlarning fikriga aslo qoʻshila olmayman!
Yurtimiz ozodligi yoʻlida shahid ketgan bobolarimiz haqqi, dorga osilgan Dukchi eshonlar haqqi!
Yurtimiz taraqqiyotini orzu qilgan jadidlarimiz haqqi!
Ozodlik uchun kurashib, “bosmachi” deb nom olganlar haqqi!
Sud hukmisiz otilganlar va kafansiz koʻmilganlar haqqi!
Vatan uchun toʻkilgan har bir tomchi qon haqqi!
Men bu daʼvoni mutlaqo qabul qila olmayman!
Ayrimlar taʼna qilayotgandek, niyatim nizo qoʻzgʻash va igʻvo tarqatish emas.
Men har doim tinchlik-totuvlik, yurtimizda barqarorlik abadiy boʻlishi tarafdoriman. Men xalqlar oʻrtasida chinakam doʻstlik boʻlishi tarafdoriman. Kimdir “ogʻa”, kimdir “ini” boʻlgan davrlar oʻtib ketdi.
Fashizmdek yovuzlikka qarshi kurashgan barcha-barchadan cheksiz minnatdorman. Ularning matonati va jasoratini unutishga hech kimning haqqi yoʻq.
Men 1941-1945 yillardagi urushda halok boʻlgan yuz minglab yurtdoshimizning xotirasini hech qachon unutmayman.
Ayni paytda yurtdoshlarimiz bir-biriga qayerda boʻlsa ham Georgiy lentasi tarqatishiga, bu lenta fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning ramzi sifatida talqin etilishiga qarshiman.
Chunki:
– tarixi XVIII asrga borib taqaladigan;
– Yekaterina Ikkinchi tomonidan Chor Rossiyasi harbiylarini ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan;
– yurtimizni mustamlakaga aylantirgan generallarning koʻksini “bezagan”;
– bugun Rossiya harbiylari uchun moʻljallangan ordenning lentasi boʻlgan Georgiy lentasini Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning timsoli sifatida QABUL QILMAYMAN. https://t.me/Kenja_Botirjon
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев