Karimberdi Turamurod domla Shayx Hazratimiz bilan bo'lgan voqealarni, xotiralarini menga aytib berdilar.
Ular Hazratimiz bilan aka ukadek, qiyomatli do'stu birodar edilar!
➖ Men "Shayx hazratdan saboqlar" degan sahifani tayyorlar edim bir gazetada. Haftasiga minglab savollar kelardi. Men ularni Hazratimizga olib borar edim. Albatta, betuturuqlarini tashlab yuborar edim. Tuzuklarini o'qib beraverardim, Hazratimiz o'qlab qo'yilgan miltiqdek javob beraverar edilar.
Keyin diktofonga yozib olingan bu javoblarni gazetada e'lon qilardim.
Ana shu savol-javoblarning ko'plari "Zikr ahlidan so'rang" kitoblariga kiritildi.
➖ Men suhbatlarida ko'p bo'lganim bois fitnali savollarni ham ko'p eshitganman.
Ammo har gal Hazratimiz fitnaga o'rin qoldirmay, vaziyatdan donishmandalarga xos vazminlik bilan chiqib ketganlar.
Masalan: Hasti Imom majmuasi ochilgan yili "Ramazon suhbatlari" Imomi A'zam masjidida bo‘ldi.
Keyin Hasti Imomga bordik va u yerda tashkilotchilar odamlarni ushlab turish uchun Hazratimizga eng oxirida soat tungi ikkidan o'tib, navbat berdilar.
Odamlar qo'zg'almadi. Hazratimizni "Allohu akbar!" degan takbirlar bilan kutib olishdi va jon quloqlari bilan tinglashdi.
Fitnali savol Anvar qorining masjidida berildi. Anvar qori farzni o'qib berdilar.
Hazrat kirgan joylarida, oxirgi saflardan birida Anvar qoriga iqtido qilib namozni o'qidilar. To'rt rakaat Taroveh namozi o'qilgach, Hazratimizga navbat berildi. Bir soat suhbat qildilar. Savollar berildi.
Ana fitnali savol: "Masjid imomi o‘zidan kuchli olim orqa safdaligini ko‘rib turib, unga imomlik qilib namoz o‘qib berishi joizmi?" Savolning fitnali joyini tushundingiz, deb umid qilaman. "Ilmi ortiq kishi turganda ilmi kamroq kishi imomlik qilmaydi", degan hadisni savol beruvchi ham biladi.
Shu hadisga suyanib, javob berilsa, Anvar qori sharmanda bo‘lishini, obro'si bir pul bo'lishini ham biladi.
Siz ham bildingiz.
Ammo Hazratimiz ulug' murabbiy ham edilar. Shogirdlarni ayashni ham Hazratimizdan o'rganishimiz kerak.
Boshqa hadisni dalil qilib shunday javob berdilarki, to'plangan "Oh!" deb yuborishdi. Chunki ular haligi fitnachi kutgan javob berilishidan tahlikada edilar.
"Masjidda farz namozini o‘qib berishga eng avval shu masjid imomi haqli. Juma ma'vizasini qilishga ham eng avval shu masjid imomi haqli.
Chiqib, ma'viza qilib, kelgan mehmonga ehtirom ko‘rsatib, "Jamoatimiz haqiga duo qilib bering" degan ma'noda taklif qilishi mumkin. Boshqa hech kimning haqqi yo‘q", dedilar Hazratimiz.
➖ Masalan, yana bittasi savol berdi: "O'rtog‘im singlisini hijobdan chiqardi, nima bo‘ladi?" Hazrat javob berdilar: "Nima bo‘lardi, singlisi behijob bo‘ladi". Hamma gurillab kuldi.
Keyin jiddiy tortib, dedilar: "Aka Qiyomatda buning uchun jazosini oladi".
Hamma o'ylanib qolgandi...
➖Armonim ham buyuk!
Ko'pchilikning uylariga, to'ylariga Hazratimizning kelishlariga sababchi, vositachi bo'ldim, ammo o'zim o'z uyimda Hazratimizga bir piyola choy tutolmadim. Oxirgi kelishlarida yonlarida bo'ldim, anjumanni olib bordim, duolarini oldim va haligi dardimni aytdim.
"E, shunga o'ylanib o'tiribsizmi, siznikiga albatta boraman.
O'g'il uylantiring, qiz chiqaring, eng avval o'zim boraman uyingizga", dedilar.
O'g'illar Rossiyadan beri kela qolishmadi, qizlar birorta sovchiga xo'p deya qolishmadi, u yoqda ajal sabr qilmadi.
Hazratimizni uyimda mehmon qilish armon bo'lib qoldi. Namozlarimda duo qilaman, boqiy dunyoda u kishiga meni xizmatkor qilib qo'ysin!
➖ Yana bir katta armonim "Birinchi muhabbatim"ni kino qilmoqchi bo'ldik.
Men Hazratni o'z rollarini o‘ynab berishga ko'ndirdim.
Tushunayapsizmi? Tasavvur qila olasizmi?
Men Hazrati kinoda rol o‘ynashga ko‘ndirdim. Sherali Jo‘rayev ham "Shayx Hazrat kinoda o'ynasalar, men ham o'ynayman, anovi tomoniga ham hissa qo‘shaman", dedilar. Faqat filmni suratga olishni boshlash qolgan edi.
Ibrohim Rasulov qayerdan ham "Jiyda guli" ni o'qidi-yu, yopishdi-qoldi. Oldin shuni olaylik, dedi. Ana, oldik.
Afsuski, "Birinchi muhabbatim" endi armon.
➖ Menga "Karimberdi Toshkentga kelibdi, ammo biznikiga kirmay ketibdi", deb eshitsam, xafa bo'laman, endi biz ustoz-shogirdmiz", degan edilar.
Shunday qilib ustoz-shogird bo'ldik. Shunchalik yaqin bo‘lib ketdik-ki, bir-birimizga hazil ham qiladigan bo'ldik.
Buni tasavvur qilishingiz qiyin. Ammo shunday.
U kishining qah-qah urib, xandon otib, yayrab, silkinib kulganlarini kamdan-kam odam ko‘rgan, men rosa ko‘rganman.
Yaqinligimizni ko'pchilik bilganidan iymon ahllari men bilan birga ziyoratlariga borishni istashar edi va Samarqandlik juda ko'p yoshlarni Hazartimizning suhbatlariga men olib borardim.
O'zlari borgandagidan farqi shu edi-ki, men bilan borsalar, ko'proq vaqt suhbatlarida bo'lardilar.
Sababi, menda yig'ilib qolgan, tahririyatga kelgan savollar ham bo'lardi. Qolaversa, bizning ustoz bilan suhbatimiz erkinroq, bemalolroq bo'lardi.
➖Eh, ... Samarqandga qiladigan tashriflarida hamisha hamrohlik qilardim, savollarni o'qib turardim, xizmatlarida, suhbatlarida bo'lardim. Anjumanlarda olib boruvchilik qilardim. Ammo armonlarim ham ulug'.
Kim o‘ylabdi shunday sog‘lom, shiddatli ustozimiz, har kuni muttasil sport bilan shug‘ullanadigan tartibni aslo buzmaydigan, sog‘lom turmush tarzi sohibining birdaniga dunyodan o‘tib qolishlarini.
G'aflatda qoldim...
Karimberdi To‘ramurod, "Jiyda guli" asari muallifi https://t.me/Ichimdagi_odamcha
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев