Biz xohlaymizmi yoki yo`qmi, baribir, bizga oilaviy tarbiya, maktab, jamiyat tomonidan kiritilgan dasturlar asosida yashaymiz. Biror narsani to`g`ri yoki noto`g`riligini biz qaerdan bilamiz? Albatta, o`zimizdagi mavjud dasturlarda qanday yozilganiga taqqoslaymiz va bunisi to`g`ri, bunisi noto`g`ri degan xulosani chiqaramiz.
Balki bizning noto`g`ri deganimiz kim uchundir to`g`ridir degan fikr nimagadir hech kimni tashvishlantirmaydi. Chunki biz haqiqiy kompyuterlarmiz, o`zimizga kiritilgan dasturning to`g`ri bajarilishini bilamiz va boshqa kompyuterga boshqacha dastur kiritilgani bizni qiziqtirmaydi.
Bizning qaysi sharoitda o`zimizni qanday tutishimiz, qanday harakatlarni amalga oshirishimiz, nimaga yaxshiyu, nimaga yomon nazar bilan qarashimiz, nimani halolu, nimani xarom deb bilishimiz, nima ishni qilish keragu, qaysi ishni qilsak noinsoflik bo`lishi, kimga so`kish keragu, kimni maqtash kerak kabi narsalarni aynan shunday bajarishimiz uchun kim dasturlagan?
Ko`pchilik hollarda biz nimaga aynan shunday qilayotganimizni bilmagan holda biror ishni amalga oshiramiz. Keyin esa buni nimaga qilganimizni asoslay boshlaymiz – “Men buni ... uchun qildim”. Lekin bu asoslashimiz nima sababdan o`zimizni aynan shunday tutganligimizni bilmaganligimiz sabablidir. Ya`ni bu bilan biz o`zimizni oqlashga harakat qilamiz, xato ishimizni haspo`shlashga urinamiz.
Odamni ikkita kuch boshqaradi. Birinchisi uning ongi, ikkinchisi ong osti qismi yoki quyi ong. Ingliz tilida subconsciousness, subconscious mind, unconscious va ruschada podsoznanie, podsoznatelnoe deb ataluvchi hodisaning o`zbek tilida hech qanday termin bilan atalmasligi sababli shunday atashga majbur bo`lyapman. Xullas, ushbu quyi ong bizning hatti-harakatlarimizni boshqarib turadi va undan kelgan signallarni biz aql bilan tushuntirib bera olmaymiz. Shuning uchun ham aql jihatdan mantiqsiz qilgan ishlarimizni yuqoridagidek aql yordamida oqlaymiz va olam guliston.
Odamni aysbergga qiyos qilinsa, uning ongi aysbergining sus ustidagi qismini, quyi ongi bo`lsa suv ostidagi qismini tashkil qiladi. Haqiqiy aysbergdan farqli ravishda ong bu kattalikning nari borsa 4-5% ini tashkil qiladi.
Biz ko`pincha hissiyotlarimizga va quyi ongning shiddatiga tayanib ish ko`ramiz. Quyi ongning bunday shiddati qaerdan paydo bo`lgan? Biz tug`ilganimizdanoq quyi ong ma`lum bir ma`lumotlarga ega bo`ladi. Buni kollektiv ong deb atasa ham bo`ladi. Ya`ni biz tug`ilgan jamiyatning shu paytgacha orttirgan tajribasi bizga ham o`tadi. Faqat bu tajribadan ayrim odamlargina foydalana olishadi. Qolganlar esa bu eshikni ochib ham ko`rishmaydi va u erda nima borligini ko`rmasdan o`tib ketishadi. Bu quyi ongning yuqorigi qismi tarbiya natijasida shakllantiriladi va aynan shu yuqorigi qism bizning hayotimizga doimiy ravishda aralashib turadi.
Bitta g`oyaning qayta-qayta takrorlanishi dastlab uning ishonchga va keyinchalik esa maslak, e`tiqodga aylanishiga sabab bo`ladi. Bu g`oyalar quyi ongda joylashib oladi. Bu g`oyalarni bo`lsa bizga ularga ishonuvchi ota-onamiz, tarbiyachi va o`qituvchilarimiz, oshna-og`aynilarimiz, vaqtli matbuot va televidenie, keyingi vaqtlarda esa internet qayta-qayta uqtirishdan charchamaydi. Natijada biz o`zimizga kerak bo`lgan va bo`lmagan juda ko`plagan dasturlarga ega bo`lamiz va bu dasturlar o`z vazifasini bajarishga kirishadi. Bizning o`zimiz bir chekkada turamiz va dastur o`z ishini nihoyasiga etkazganidan keyin uni oqlashga tushamiz.
Absolyut ko`pchilik hollarda bu dasturlar rivojlanishga emas, muvaffaqiyatsizlikka yo`naltirilgan bo`ladi. Masalan, siz o`zingizni etmish yoshga kirganda qanday tasavvur qilasiz? Men bunday savol bergan odamlarning ko`pchiligi o`zlarini beli bukilgan (radikulit), eyishga yumshoqroq narsa qidiradigan (tishlardan ayrilgan), yuzlarini ajin bosgan va ko`zlari yaxshi ko`rmaydigan (qarilik), jinsiy zaif, xotirasi uncha yaxshi emas va qulog`i og`ir holda tasavvur qilishini aytgan. Bularning hammasi dastur bo`lmasdan nima?
Odamlar oddiy yashashga, ma`lum bir kichik darajadagi kar`eradagi o`sishga, ma`lum yoshdan keyin rivojlanishdan to`xtashga, turli kasalliklarga chalinishga va degradatsiyaga uchrashga dasturlangan. Agar siz o`zingizga o`rnatilgan dasturlarni aniqlasangiz va ularning qaysi yo`llar bilan kiritilganligini bilsangiz, o`z hayotingizni qaytadan dasturlash imkoniyatiga ega bo`lasiz.
Ya`ni xuddi kompyuterda bo`lgani kabi o`zimizdagi dasturlarni o`chirib tashlab, o`zimizga kerakli dasturlarni o`rnatishimiz mumkin.
Xo`p biz dasturlar asosida yashar ekanmiz va ularni bizga tashqaridan tiqishtirishar ekan, bunga sabab nima? Nimaga bizni dasturlashtirishadi?
Bu dasturlar juda qadim zamonlardan beri bor. Ular butun odamzot uchun o`ylab topilgan. Bu virusli dasturlar yordamida Odam atoning hamma bolalari zararlangan. Bizning ota-onalarimiz va jamiyatimizdagi odamlar ham shular jumlasidandir. Shuning uchun ulardan bizga bu dasturlarni o`rnatishgani uchun xafa bo`lishimizning foydasi yo`q. Ular o`zlarida borini berishgan.
Har qanday qonun, qoida, kodeks, ahloqiy printsiplar faqat bitta maqsad uchun ishlab chiqilgan va odamlarga singdirilgan. U ham bo`lsa bu qoidalarni qabul qilgan odamlarni boshqarish qulay bo`lishi uchun. Har qanday qonunni olib qarashingiz mumkin, bu Inson huquqlari deklaratsiyasi bo`ladimi, Fiqx kitobimi, Soliq kodeksimi, baribir, ularning hammasi bir xil printsipga asoslangan va faqat ayrim joylari bilan bir-biridan farq qiladi. Ularning hammasining asosiy maqsadi bizni itoatkor, bo`ysunadigan qilish va ma`lum hatti-harakatga dasturlashga mo`ljallangan.
Har qanday qoidaning maqsadi bitta – unga bo`ysunuvchilarni boshqarish. Maslan, qadimiy ritsarlarning qoidalari va jinoyatchilar qoidalarini bir-biri bilan taqqoslab ko`rishingiz mumkin. Shakli boshqacha, ammo ikkalasining ham ma`nosi bir xil. Bu qoidalar bo`yicha yashaydigan odamlarni boshqarish imkoniyati.
Har qanday tashkilotning o`z odob-ahloq qoidalari mavjud va ular ham tashkilot xodimlarining boshqarilishini ta`minlovchi asosiy vositadir.
Hammamiz to`polonchi bolalarni tartibga chaqirishni o`z burchimiz deb bilamiz. To`polon qilma, mumkin emas. Lekin bolalar to`polon qilishsa nima bo`ladi? Hech nima bo`lmaydi, yuqori darajadagi shovqin bo`ladi, xolos. Xuddi mana shu MUMKIN EMAS bizning qon-qonimizga singib ketgan. Shuning uchun ham mumkin emas yorlig`i bo`lmagan narsadan ham mumkin emasni qidiramiz. Man qilinmagan narsaga ruxsat berilgan ekanligini tushunib etish juda ko`pchilikka juda qiyin. Biror ishni qilishdan oldin unga ruxsat berilgan yoki yo`qligini bir necha bor tekshirmasak ko`nglimiz joyiga tushmaydi. Mumkin emas deyilmagan demak biror joyda ruxsat berilgan degan yozuv bo`lishi kerak deya qidirishda davom etamiz va o`z imkoniyatlarimizni boy beramiz.
Keyingi qoida bu dunyoda hamma narsa uchun haq to`lash kerak tushunchasi. Bu erda shunday savollar paydo bo`ladi. Hamma narsa uchun kimga va nimaga haq to`lash kerak? Haq to`lashni bekor qilishning iloji yo`qmi? Xudoga shukur bu narsa bizda hali yo`q, lekin har qanday normal evropalik ko`chada mashinasini to`xtatgandan keyin to`xtab turishga pul to`lash uchun avtomatning qaerda ekanligini izlay boshlaydi. Xo`sh haq to`lash kerak qoidasini kim o`ylab topgan? Albatta bu haqni oluvchilarda. Yoki ma`muriy jarimalar nima uchun o`ylab topilgan. Bular ham odamlarni boshqarish va ulardan pul undirish uchunda. Aslini olganda ko`pchilik ma`muriy jarimalarni butunlay bekor qilish mumkin. Masalan, hisobotni belgilanganidan bir kun kechroq topshirganing birdan besh minimalgacha oylik maosh miqdorida uchun jarima to`lashing kerak. Xo`sh bu jarimani bekor qilsa nima bo`ladi? Ko`pchilik hisobotni bir kun emas balki bir oy kechikib topshira boshlaydi, ayrimlar umuman topshirmasligi ham mumkin. Natijada hisobot topshiruvchilarni boshqarish qiyinlashadi. Bu esa yuqoridagilarga yoqmaydi. Umum qabul qilgan qoidalar esa boshqarishni osonlashtiradi. Agar bu qoidalarni odamlar tashqaridan tiqishtirilgan emas, balki o`zlarining ishonchlari, printsiplari deb bilishsa yanada yaxshi.
Bu qoidalarni odamlar o`z printsiplari deb bilishlari uchun bo`lsa ular yoshligidan boshlab shu ruhda tarbiya ko`rishlari kerak. Bolalar nimalarni yaxshi ko`rishadi? Ertaklarni, multfilmlarni. Ular yordamida kerakli dasturlarini kiritishdan osoni yo`q. Bolalarning eng yaxshi ko`radigan ertaklari – bu Qizil shapkacha, Uyqudagi malika, Oppog`oy, Zolushka, Alvon elkanlar, Zumrad va Qimmat. Bu ertaklarda biror umumiylik sezmayapsizmi? Men esa ularni ko`rib turibman. Ularning hammasida “Sen hech narsa qilma, sen uchun boshqalar harakat qilishadi va sen albatta baxtli bo`lasan” degan g`oya beriladi. Bu fikr Uyqudagi malika, Oppog`oy, Zolushka, Alvon elkanlarga taaluqli. Qizil shapkachada “Hech qanday xavf sen uchun pisand emas, qo`rqmasdan bo`rining og`ziga boshingni tiqaver, seni qutqarishadi” g`oyasi ilgari surilsa, Zumrad va Qimmatda bo`lsa “Seni qancha ezishsa ham chida, bir kuni sehrgar kampirga uchraysan va u senga yordam beradi” degan fikrni uchratamiz. Boshqa ertaklarda ham deyarli shu holatlarga duch kelamiz.
Shundan keyin ham ishimiz o`ngidan kelmasa, imkoniyatni qo`ldan boy bersak, bizga zug`um qilayotganlarga qarshilik qila olmasak, “Nima sababdan bunday bo`lyapti?” deb o`ylab ko`rmaymiz.
Dasturlashning yana bir yo`li maqollarni ishlatishdir. Maqollar dasturlash uchun shunisi bilan qulayki, undagi fikrlar aksioma deb qabul qilinadi. Xalq og`zaki ijodi, dono xalqimiz bilmasdan gapirmaydi. Lekin ana shu dono xalqimizning og`zaki ijodiga negativ dasturlovchi maqollarni joylashtirgan kishilarni topishni juda ham orzu qilaman.
Masalan, baland dorga osilma degan maqol bor. Buning ostida jinoyat qilib jazolanish yotmaganligini hamma biladi. Aslida bu maqolning tagida tepaga qarab harakat qilma, rivojlanma degan ma`no yotadi. Xudoga shukurki ayrim aqlli odamlar bu maqolni o`zgartirib, konstruktiv ko`rinishga kelitrishga ulgurishgan. Osilsang baland dorga osil, o`ligingni hamma ko`rsin.
Keyingi maqol ko`rpangga qarab oyoq uzat. Albatta bu maqolni ko`rpa juda keng, xohlaganingcha yot deb emas, balki ko`rpang juda kichkina, kuchala bo`lib, jimgina yot deb tushunamiz.
Mehnat, mehnatning tagi – rohat. Bu juda makkorona maqol. Bir qarashda uning haqiqiy ma`nosini aniqlash qiyin. Xuddi mehnat qilsang, baxtingni topadigandek. Lekin qaerda ko`rgansiz butun umr og`ir mehnat qilgan odamning rohat topganini. Og`ir mehnat qilgan odam qarilikda azob-uqubat tortadi. Chunki uning organizmi o`z resursini ishlatib bo`lgan bo`ladi.
Avval pichoqni o`zingga ur, og`rimasa birovga. Buni hamma hech kimga yomonlik qilmaslik kerak, sen ularga yaxshilik qilsang, ular ham senga shuni qaytaradi deb tushunishadi. Aslida ham shundaymi? To`g`ri, ayrim hollarda bu – shunday. Ya`ni agar odamlar hammasi bir-birlarini og`a-inilar deb biladigan jamiyatdagina shunday bo`lishi mumkin. Boshqa hech qaerda bu printsip ishlamaydi.
Real hayotda siz odamlarga qanchalik yaxshi munosabatda bo`lsangiz, ular sizga shunchalik yomon munosabatda bo`lishadi. Yuqoridagi maqolga kavkazliklarning antimaqoli bor “Dushman orttirmoqchimisan – unga non ber”. Bunisi endi haqiqatga ancha yaqin.
Mening aytganlarimdan jahlingiz chiqqan bo`lsa ham ajablanmayman. Chunki men sizning haqiqat deb bilgan narsalaringizni yo`qqa chiqaryapmanda. Lekin asoslab berishim mumkin. Aytaylik siz biror kishiga yaxshilik qildingiz. Buning qanday yaxshilik ekanligining ahamiyati yo`q. Lekin bu odam endi o`zini sizga nisbatan qanday his qiladi? Albatta, u sizdan qarzdor. Bu unga yoqadimi? Yo`q. Endi u yo sizdan qochib yuradi, yoki siz undan qochishingizning ilojini qiladi. Xo`sh, bunday yaxshilik nimaga kerak?
Yoki shunga o`xshash boshqa maqol ham bor – Yaxshilik qil, suvga tashla. Baliq biladi. Baliq bilmasa, xoliq biladi. Bunda endi yaxshilik qilish niqobi ostida o`zingizda bor narsani bekorga sovurishga to`g`ridan-to`g`ri chaqiriq yangramoqda. Siz sochavering, kerakli odamlarning o`zlari terib olishadi.
Buzoqning yugurgani somonxonagacha. Hech narsaga harakat qilma, baribir hech nimaga ega bo`la olmaysan.
Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan. Bu degani sen prezident yoki bosh vazir bilan emas, balki ishchi, farrosh, dehqon bilan tengsan degani bo`ladi.
Muruvvatli odam - elning suyuklisi. Bizga qanchalik ko`p bersang biz seni shunchalik yaxshi ko`ramiz.
Fidokorlikning mahsuli — baxtdir. Sen o`zingni fido qil, narigi dunyoda baxtli bo`lasan.
Yolg`iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dongi chiqmas. Bu degani o`zinga ko`pam yuqori baho beraverma, sen hech kim emassan, qo`lingdan hech narsa kelmaydi.
Etti marta o`lchab, bir marta kes. Sen o`lcha, o`lchayver. Ungacha boshqalar kesib ketishadi.
Xullas, bunaqa maqollarni yuzlab keltirish mumkin va ularning har biri bizni ma`lum bir stereotip asosida o`zimizni tutishimizga undaydi. Demak shu printsiplar asosida tarbiyalanganlarning hammasi o`zini bir xil tutsa, ularga mos sharoitni yaratish boshqaruvchilarning ishi. Ularga mehnat qilishlari uchun sharoitlar yaratishadi, ammo foydasini o`zlari olishadi. Uning sahovatli ekanligini ko`rsatishi uchun oldiga bir gala tilanchilarni yuborishadi va bu tilanchilar yiqqanlarini unga keltirib berishadi va shunga o`xshashlar.
Dasturlar va ularning ongimizga singdirilish yo`llarini bilib olganimizdan keyin bizning qiladigan ishimiz eski dasturlarni o`chirish va ularning o`rnigao`zimiz uchun foydali bo`lgan yangi dasturlarni yozishdir. Bu yangi dasturlarni yozish uchun sizga ideal sharoit va ko`p vaqt talab qilinmaydi. Buning uchun ozgina tasavvur qila olish qobiliyati va qunt bo`lsa kifoya.
O`z-o`zini dasturlash texnikasi sizga jismoniy, intellektual va psixik imkoniyatlaringizni oshirishga yordam berishi bilan birgalikda amalda juda oddiydir. Bu texnikani to`rt qadamda bajarish mumkin:
qanday natijaga erishishingiz kerakligini aniqlash;
bo`shliq holatiga kirish va natijani o`zingizda his qilish;
ushbu intilishni quyi ongga joylashtirgandan keyin bo`shliq holatidan chiqish;
ushbu ishni bajarishga to`g`ri kelib qolganda spontan ravishda bo`shliq holatiga kirish va bu ishni bajarish.
Agar bu sizga murakkablik qilsa, uni yanada osonlashtirish mumkin. Ya`ni bu texnikani ikki bosqichda bajarish ham mumkin. Birinchisi – holatni og`zaki tasvirlaysiz, ikkinchisi – bo`shliq holatiga kirasiz va aytganlaringiz haqiqat ekanligiga ishonasiz.
Bunda ishlatiladigan formulirovkalar juda oddiy, ma`nosi aniq va yorqin bo`lishi shart. Kodlashda ishlatiladigan formulalarda kelgusi zamon, noaniqlik, rad qilish qo`shimchalari ishlatilishi mumkin emas. Faqat hozirgi zamonda, bajarilgan, aniq va tasdiqlash shakllaridan foydalanish kerak.
Masalan, men kuchsiz bo`lishni istamayman emas, balki men kuchliman tarzidagi formuladan foydalanish natija beradi.
Dasturlash jarayonida ichki dialogni to`xtatish juda katta ahamiyatga ega. Bo`shliq holatida odam trans holatida bo`ladi va bunda aytilgan har bir gap aql filtridan o`tmasdan, to`g`ridan-to`g`ri quyi ongga ta`sir ko`rsatadi. Quyi ong bo`lsa bizning hissiyotlarimizni boshqaradi.
Dasturlashda aynan verbal formulalardan foydalanish shart emas. Siz biror obrazni tasavvur qilishingiz va bo`shliq holatida uni o`zingizda his qilishingiz ham mumkin.
O`zingizni ishontirish formulalaridan uxlash oldidan va endi uyg`ongan paytingizda foydalanish ham juda katta foyda beradi. Chunki bu vaqtda chala uyquda bo`lasiz va aql bu jarayonda ishtirok qilmaydi. Uyqu oldidan berilgan yo`nalish quyi ongda kechasi bilan qayta ishlanadi va tayyor dastur sifatida ishlatishga yaroqli holatga keltiriladi.
Odam organizmi tabiatning eng buyuk mahsulidir. Odam nerv tolalarida impulslarning tarqalish tezligi er yuzidagi eng chaqqon yoirtqichlar bo`lmish mushuksimonlarnikidan ham yuqoriroqdir. Ya`ni biz eng chaqqon va eng kuchli jonzotmiz. Lekin buni ko`pchiligimiz bilmaymiz va undan amalda foydalanmaymiz. Ammo to`g`ri dasturlash yordamida o`z imkoniyatlarimizdan ko`proq foydalana olamiz.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев