Buni biz turlicha talqin etishimiz mumkin, ya’ni atrof-muhit ta’sirini har birimiz turlicha qabul qilamiz. Psixolog aytganidek, biz uni «to‘xtata» olsak, bilasizmi, qancha narsa yutamiz. Oddiygina bir holat, kimdir ortimizdan g‘iybatimizni qildi. Eshitib qanchalar asablarimiz qaqshaydi. Aslida biz shu «to‘xtatish»ga erishsak, hech yo‘q g‘iybatchiga «yordami» uchun rahmat aytib, gap-so‘ziga asos bo‘lgulik xatoimizni to‘g‘rilash darajasiga yetamiz. Yoki kimdir malomat toshini otdimi, yanada chayirroq bo‘lishga tirishamiz. Kimdir yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lmoq payida rejalarimizga pand bermoqqa shaylandimi, imkonlarimizdan imkonlar topishga o‘rganamiz... Shunday azizim, siz ham hamma narsadan ustun kelib, olamga kulib boqavering, ko‘nglingiz yorishadi. Shunda maza qilib mehnat qilmoq gashtini tuyasiz. Siz bilan balki sinfxonadagi sizga termulib turgan nigoh ham bugungi quvonchli kunni bayram qilar. Jon Kexo deganidek, «Dunyo sizga muhtoj!».Yaxlit kuch, uni qanday topmoq mumkin?Odamzotning tabiati shunday: hamisha yangi va yangi orzular, havaslar bilan yashaydi. Lekin o‘zni omadsizga chiqarib qo‘yish juda oson. Ko‘pincha biz o‘zimiz nimani istashimizni to‘liq anglolmaymiz, ichki ovozimiz bilan hisoblashishni bilmaymiz. Balki «Ko‘ngling buyurganini qil», «Oyog‘im tortmayapti» singari xalq ichida yuradigan iboralarning tub-tubida ana shu «ichki ovoz» tushunchasi mujassamdir.«Ong — qudratli kuch, uning ta’sirini hayotning har bir sohasida sezasiz, — fikrida davom etadi Jon Kexo. — Bizning omadli yoki omadsiz bo‘lishimiz fikrlarimizga bog‘liq... Fikr qancha ko‘p takrorlansa, u shuncha tez moddiylikka aylanadi.Kuchsiz va tarqoq fikr —kuchsiz va tarqoq kuchdir. Qat’iy va jamlangan fikr — ishonchli va yaxlit kuch demak». Ha, biz miyamizni tinimsiz ishlataveramiz. Uni ayash haqida hech o‘ylab ko‘ramizmi? Miyamiz kuchini nimalarga sarflayotganimizni-chi? Rivojlangan davlatlardan birida bo‘lib qaytgan tanishim «...U mamlakatda erishilayotgan yutuqlarning asosini o‘zimcha kashf etgandek bo‘ldim dedi: ya’ni, birgina ta’lim tizimini oladigan bo‘lsak, o‘qituvchilar bo‘sh vaqt topildi degunlaricha faqat va faqat o‘qish va o‘qitish, tarbiyaning qirralariga daxldor mavzularda mulohaza yuritishar, bahslashishar ekan. Birortasining ozgina bo‘lsa-da, chalg‘ishi atrofidagilarni g‘ashlantirishi tabiiy bo‘lganidan, uning uzr so‘rashi hech kimni ajablantirmaydi. Biz esa aksariyat holatlarda miyamizga «jabr» qilaveramiz. U esa jimgina ishlayveradi, ishlayveradi. Maqsadsiz tortishuvlar, mish-mishu, «debdi-debdi»larni unga yuklayveramiz, yuklayveramiz.«Dugonamga hasratimni aytsam, yoqmadi», — astoydil xafa bo‘ladi singlimning o‘rtog‘i. — U endi katta odam-da. Doim band». «U bilan qancha vaqt suhbatlashdingiz...» so‘rayman beixtiyor. «Ha, biror soatdan oshgandir...», ne demoqchiligimdan bexabar davom etadi yana u. «Bir soat va hasrat». To‘g‘ri, «Odamning taftini odam oladi» degan gap bor. Lekin vaqt masalasi haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak. «Birovning ortidan gapirish yaxshi emasmish, ey aqlli-ey...».Qarang, do‘st-do‘stining «aqlli» ekanini anglayapti, lekin tan olish yo‘q. Natijada yana miyaga ortiqcha va maqsadsiz narsalar haqida o‘ylash, ishlash zahmati. «... Miyangiz befoyda fikrlar bilan band bo‘layotganini sezgan lahzangizdan bu xayolni unuting va asosiy masalaga ko‘ching. Miyangiz hali intizomli emas, bunday ish tartibiga o‘rganmagan. U nima to‘g‘ri kelsa, nimani yoqtirsa, shuni o‘ylashga odatlangan... — deydi bu xususda psixolog.— Ko‘pchilik fikrini o‘zi bilib-bilmagan holda o‘ziga qarshi ishlatadi. Muammolaringizni diqqat bilan tahlil qilsangiz, ularning aksariyati noto‘g‘ri va cheklangan qarashlaringizdan kelib chiqqanini anglaysiz...».Idrok etgan bo‘lsangiz, fikr qancha mustahkam va maqsadli bo‘lsa, u shuncha tez moddiyatga aylanar ekan. Demak, bu bizdan miyamiz ustida «ishlab», uning yashirin kuchlarini rivojlantirishimizni talab etadi. Xalqimizning «Hamma narsa niyatga bog‘liq» degan naqlining ma’nosi zamirida ana shu talab ham jam bo‘lsa, ajab emas.O‘zingizni ham yaxshi ko‘ringHa, Jon Kexo ko‘p yillik kuzatishlari asnosida kelgan xulosasidek «O‘z-o‘zini sevish hayotda juda katta ahamiyat kasb etadi, agar u «Men hammadan yaxshiman», qabilidagi manmanlikka aylanib ketmasa». Nazarimda, biz aksariyat hollarda o‘zni yaxshi ko‘rish va manmanlik, xudbinlik tushunchalarini aralashtirib yuboramiz. Xo‘sh, «O‘zni yaxshi ko‘rish nima?» Bir muallimani bilaman. To‘rt nafar farzandini voyaga yetkazib, uyli-joyli qilish uchun tinimsiz mehnat qildi. Maktabdan qaytardiyu, qaysidir tashkilotning yozuv-chizuv ishlarini qilish uchun choyini ichar-ichmas yumushga otlanardi. Tun yarmigacha tikuvchilik qilib buyurtmalarni ado etardi. Biror marta «falon joyda davolanyapman, dam olmoqchiman» deganini eshitmaganman. Faqat yuguraverdi, yuguraverdi. Farzandlarining elning oldi bo‘lib yurishlari uchun tirishaverdi, tirishaverdi. O‘ylab qolasan kishi. «Elning oldi bo‘lish» degani nima o‘zi? Buni ko‘pchilik yaxshi kiyinish, yaxshi yeb-ichish deb tushunadi. Bu qarash shunchalar yuksakmi? Nazarimda, muallima me’yor tushunchasini tan olmadi. O‘zining imkoniyatlari bilan sira hisoblashmadi. Yillar o‘tdi. O‘g‘il-qizlar onalarining yoniga kirgan ham ediki, opa kasallanib qoldi. Maktab hayotidan ham sekin-asta uzila berdi. Nega? Nega u o‘n besh-yigirma yillik tajribasi bilan o‘z-o‘zidan chetga chiqa bordi?Endi masalaga tanqidiy nigoh bilan yondashib, vaziyatni xolisona baholashga urinaylik. Inson — inson-da. Uning ham joni tosh emas. Uning ham imkoniyatlari cheklangan. Kunning yarmida dars berib, so‘ngra yana bir vazifa tomon oshiqqan, tunlari mijja qoqmay turmush tashvishlari bilan qorishgan mushtiparning miyasida necha xil o‘y gir aylangan ekan? U o‘qituvchi sifatida o‘z ustida ishlashi, yangi zamonaviy bilimlardan boxabar bo‘lib borishi uchun vaqt-imkon bo‘lganmikin hech. Yo‘qotgan salomatligi-chi? Uning o‘rnini bugun qanday to‘ldirmoq mumkin. To‘g‘ri, bizning bolajon fe’limizda oila uchun fidoyilik tuyg‘usi chuqur ildiz otgan. Ammo unutmaslik ham joizga o‘xshaydiki, fidoyilik— ado bo‘lish degani emas.Yana bir achchiq haqiqat — bolalarning ayni voyaga yetgan pallasida onaning salomat turib berishi qanchalar katta ahamiyat kasb etgani misol, ma’lum tajriba to‘plagan ustozning davr bilan hamnafas tarzda shogirdlar safida bo‘lishi maktab uchun ham shu qadar darkordir!Ko‘rdingizmi, o‘zni ozgina ayash, yaxshi ko‘rish atrofimizdagilar, yaqinlarimiz uchun nechog‘lik daxldor ekan. O‘z-o‘ziga ongli munosabatda bo‘lish haqida gap ketar ekan, psixolog yozadi: «Siz o‘zingizga nisbatan yaxshi munosabatni yaratish va uni barqaror ushlab turish uchun javobgarsiz. Ijobiy fikrlaringizni fikran tasavvur eting, rivojlantiring va tasdiqlang...»Biz yuqorida hayotiy kuzatuvimiz haqida so‘z ochib, «o‘zni yaxshi ko‘rish»ning birgina ko‘rinishini tilga oldik. Balki buning uchun ham bilim zarurmikan deya o‘ylab qolasan kishi.Quyidagi uch fikr o‘z-o‘zingizga bahoingizni oshiradi, deya tajribalaridan kitobxonga ilinadi muallif:1. Siz yagonasiz... Dunyoda yashayotganligingizga, qanday bo‘lsa shundayligingizcha yaxshiligingizga quvoning. O‘zingizni hamisha hurmatga munosib deb biling.2. Nimaga intilsangiz shunga erishasiz... Inson imkoniyatlari chek-chegarasizdir. Qanday urug‘ni miyangizga eksangiz, unib chiqadi.3. O‘zingizni istagancha boshqara olasiz... Hayotingizning istagan sohasini qayta qurish, barqarorlashtirishga qodirsiz... O‘z-o‘zini bechora deb his qiladigan odam bir umr o‘ziga rahmi kelib yashaydi...» O‘ziga rahmi kelib bechorasifat yashash, o‘zni yaxshi ko‘rish emas. Aksincha, yuqorida tilga olganimizdek, o‘zingizdagi ijodiy jihatlarni ko‘ra olish va rivojlantirish, ortingizga bir qarab amalga oshirgan ijobiy ishlaringizni tahlil etib, yana shunday ezguliklarni qila olishingizga ishonishingiz aslida o‘zingizni yaxshi ko‘rishingizning bir qirrasidir.... Yaqinda shoira Farida Afruzning bir she’rini o‘qib qoldim. To‘liq matni yodimda yo‘g‘u «baxt erur» iboralari bilan takrorlanuvchi misralarda xushbaxt kunlarimiz, salomatligu bag‘ri butunligimiz, xullas, yashayotganimizning o‘zi baxt ekani chiroyli tashbehlarda ochib berilgan edi... Chindan-da, shunday bir zamonaga munosib bo‘lib umrguzaronlik qilish uchun ham o‘zga ishonch kerak. Ha, o‘zingizga ishoning va yaxshi niyatlarni ko‘nglingizga tugib, bu maqsadlaringizni fikringizga joylang va takrorlang, takrorlayvering. Bu ishonch sizni yorug‘ manzillarga boshlashi shaksiz.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев