“O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasi korxonalarida “Klaas” va “Lemken” kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy traktorlarni ishlab chiqarish tashkil etiladi. Bu haqda 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturida ma’lum qilingan. Dastur “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan.
Foto: farminguk.com Dasturda aytilishicha, joriy yil 16-yanvarda o‘tkazilgan 2014-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan 2015-yilda va keyingi yillarda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishning strategik vazifalari belgilab berildi.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda bu boradagi tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni davom ettirishga, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etishga, sohani kompleks mexanizatsiyalash hamda xomashyo resurslarini qayta ishlashni chuqurlashtirishga qaratilgan hujjatlar loyihasi tayyorlanmoqda.
Respublikamiz fermerlari bilan joylarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda va O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyada davlatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalarga muvofiq 2015−2019-yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Dastur hosildorligi past bo‘lgan g‘o‘za maydonlarini qisqartirish, bo‘shaydigan yerlarga meva-sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa oziq-ovqat ekinlarini joylashtirish, intensiv bog‘lar barpo etish hisobiga ekin maydonlarini bosqichma-bosqich optimallashtirishni nazarda tutadi. Seleksiya va urug‘chilikni yanada rivojlantirishga, shu jumladan, g‘o‘za va don ekinlarining yangi, yuqori samarali, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli navlarini yaratishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Dehqon va fermerlarimizni o‘zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnikalar bilan ta’minlashni yanada yaxshilash maqsadida “O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasi korxonalarida “Klaas”, “Lemken” va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda zamonaviy, yuqori samarali traktorlarni, modernizatsiya qilingan paxta terish mashinalari, g‘alla o‘rish kombaynlarini va boshqa texnikalarni ishlab chiqarish tashkil etiladi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев