MANGULIK
Kimning xayoliga kelmishdir axir,
Birdan qulab tushsa buyuk bir chinor.
Alam boʻgʻzimizda achchiq va taxir,
Bu gʻamning na cheki — chegarasi bor.
Ketdi nogahonda aytmay biror soʻz,
Hijron oloviga barchani tashlab.
Oʻzbek osmonida soʻndi choʻng yulduz,
Katta-yu kichikning koʻzini yoshlab.
Biz — noqis bandalar, oʻylamay goho,
Boshimiz silagan qoʻlni tishladik.
Yuz yillab teskari aylandi dunyo,
Oʻz emas, oʻzgalar uchun ishladik.
Biz — ojiz bandalar, anglamay turib,
Birovning zabonin sanadik afzal.
Shu yurt daholarin bilib va koʻrib,
Begona zotlarga yasadik haykal.
Bosqin tepamizda turar edi zil,
Uni tag-tubidan buzmoq shart edi.
Asriy vayronaning