O‘LSAM HAM ISHQINGNI ISTAYVERAMAN
Yo‘q,
Endi ko‘nglingdan chiqarolmaysan,
Umringda quyoshday porlayveraman.
Ming yillar qa’riga ketganingda ham,
Men seni samoday chorlayveraman.
Ismingni tonglarga yozaman mahtal,
G‘unchalar bargida uxlayveraman.
Yo‘q, baxting meningsiz bo‘lolmas tugal,
Men seni har lahza yo‘qlayveraman.
Otashman,
Dengizman,
Samoman,
Nurman,
Jismu jahoningni o‘rayveraman,
Ayt, qanday topasan, qochmoqqa imkon —
Men seni Xudodan so‘rayveraman.
Men — so‘ngti tomchiman,
Yagona najot.
Faqat sen ichgin deb qistayveraman.
Qo‘llarimda qoldi
Eng so‘nggi hayot,
O‘lsam ham ishqingni istayveraman!
MUHABBAT
Qalbga zardob bo‘lib to‘lganing alam,
Gohi ochilmasdan so‘lganing alam.
Muhabbat, muhabbat, hammasidan ham
Sochga oq tushganda kelganing alam!..
Kelsang, ketgil debon haydolmaganing,
Ortga qaytay desang, qaytolmaganing,
Armoning hech kimga aytolmaganing —
Buni bitta o‘zing bilganing alam.
Goh xotir, gohida xayolni yollab,
Goh yulduz, gohida oy kabi porlab,
Shirin jilmayish-la yoniga chorlab,
Olisdan g‘amzalar qilganing alam.
Ko‘nglingga yetti yot uyda yoyib sep,
Kechagina o‘zing meni unut deb,
Endi baxtlimisan, shoir yigit deb,
Kunda bir ustimdan kulganing alam...
Qalbga zardob bo‘lib to‘lganing alam,
Gohi ochilmasdan so‘lganing alam.
Muhabbat, muhabbat, hammasidan ham
Sochga oq