Yig'lamang bu dunyo shunday yaralgan,
Hali hech kimsaga qilmagan vafo.
Qoshi ko'zi bo'yalgan sochi taralgan,
Lek qalbi chiroyli bo'lmagan aslo.
Yig'lamang yolg'onlar mavjud azaldan,
Rostga bo'shatmaydi yo'llaringizni.
Avval sizga berib shirin asaldan,
Zaharlab ketadi yuragingizni.
Yig'lamang muhabbat dardiga kuyib,
Sevikli yorlarni uchratasiz ham.
Sevgi sharobidan ichasiz to'yib,
Keyin hijronidan ko'nglingizda g'am.
Yig'lamang do'stlikning ajib sehridan,
Sadoqat gullari qolganlar so'lib.
Avval sizga berib shirin mehridan,
So'ng yuragingizga tig' urar kulib.